© CABAR – Центральноазиатское бюро по аналитической журналистике
При размещении материалов на сторонних ресурсах, гиперссылка на источник обязательна.

O’zbekiston Iroqdan 64 ta bolani qaytarib olib keldi

Shu yo’l bilan, davlat ixtiyoriy ravishda qaytib kelgan fuqarolarga hech bo’lmaganda adolatli mahkama bo’lishi  kafolatlanganligini namoyish etadi, deydi mutaxassislar.

Bolalar Bog’doddan maxsus reys bilan Toshkent aeroportiga olib kelindi. Surat O’zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobovning Twitter-dagi sahifasidan olingan

O’zbekiston Yaqin Sharqdagi urush bo’layotgan hududlardan o’z fuqarolarini qaytarishni davom etmoqda. 10 oktyabr oqshomida “Mexr-2” insonparvarlik tadbiri muvaffaqiyatli yakunlandi, natijada 64 ta bola o’z vatanlariga qaytdi.

Bolalar Bog’doddan maxsus reys bilan Toshkent aeroportiga olib kelindi. Bu haqda o’sha kuni O’zA Milliy axborot agentligi xabar berdi. Bular 39 o’g’il va 25 qiz. Ularning 14 nafari uch yoshgacha, ikkitasi yetim.

Bolalarni vataniga qaytarishga rozilikni onalari berganlar. Xabarda qayd etilishicha, bu “turli xalqaro terrorchilik tashkilotlarida qatnashgani uchun uzoq yoki umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan o’zbekistonlik ayollar”. Ularning eri yo terrorchi guruhlar safida qolmoqda, yoki harbiy harakatlar paytida o’ldirilgan, yoki Iroq va Suriyadagi qamoqxonalarda jazo o’tayatgan bo’lishlari mumkin.

O’zA xabariga ko’ra, O’zbekistonda bolalar tibbiy muassasaga joylashtiriladi, ularga oziq-ovqat, kiyim-kechak va tibbiy-psixologik va ijtimoiy yordam ko’rsatiladi. Shuningdek, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish, homiylar va vasiylarga biriktirish, bolalar bog’chalari va maktablarga joylashtirish masalalari hal qilinmoqda.

Bolalar tibbiy muassasaga joylashtiriladi, oziq-ovqat, kiyim-kechak va tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam bilan ta’minlanadi. Surat O’zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobovning Twitter-dagi sahifasidan olingan

Bunday voqealar O’zbekiston xalqaro munosabatlarning mas’uliyatli ishtirokchisi ekanligidan dalolat beradi, deydi o’z ismini oshkor qilishni istamagan toshkentlik mustaqil tahlilchi. Ushbu harakatlar bilan mamlakat xalqaro terrorizm, odam savdosi, xalqaro uyushgan jinoyatchilik va boshqa illatlarga qarshi kurashda o’z hissasini qo’shmoqda, deydi u.

Ekspertning ta’kidlashicha, bunday tadbirlar mamlakat uchun juda muhimdir – ular biron bir sabablarga ko’ra janglarni boshidan kechirayotgan hududlarga borib qolgan barcha fuqarolarga nisbatan davlat samimiy va yaxshilikni hohlovchi siyosat olib borayotganini namoyish etadi.

“Ushbu harakatlar orqali davlat, agar xato qilgan fuqarolar o’zlari ixtiyoriy ravishda chet ellardagi O’zbekistonning diplomatik vakolatxonalari bilan bog’lanib, O’zbekistonga qaytib kelsalar, ularga hech bo’lmaganda adolatli mahkama kafolatlanishini isbotlaydi. Shuningdek, ular davlatning bag’rikengligiga ishonishlari mumkin », – deydi ekspert.

Uning ta’kidlashicha, xuddi shunday o’z fuqarolarini qaytarishga qaratilgan tadbirlar Afg’oniston va Pokiston hududlarida ham amalga oshirilishi kerak. Bu borada ushbu mamlakatlar hukumatlari bilan o’rnatilgan do’stona munosabatlarga, shu jumladan maxsus xizmatlar va harbiy boshqarmalar darajasidagi aloqalarga suyanish kerak.

“O’ylaymanki, bunday rahm-shafqat va kechirimlilikni targ’ib etuvchi dasturlarni, masalan, 2005 yildagi Andijon voqealaridan keyin mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo’lganlarga nisbatan ham qabul qilish vaqti keldi va bunday qaror qabul qilinsa to’g’ri bo’lar edi. Ehtimol, vaqt o’tishi bilan O’zbekiston bu marraga ham yetib keladi », – deydi tahlilchi.

Mutaxassis: “Bunday tadbirlar mamlakat uchun juda muhimdir – ular biron bir sabablarga ko’ra janglarni boshidan kechirayotgan hududlarga borib qolgan barcha fuqarolarga nisbatan davlat samimiy va yaxshilikni hohovchi siyosat olib borayotganini namoyish etadi”. Surat O’zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobovning Twitter-dagi sahifasidan olingan

Barcha bosqichlarda murakkab bo’lgan jarayon

Bu mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O’zbekiston fuqarolarini Yaqin Sharqdagi urush hududlaridan qaytarish bo’yicha ikkinchi maxsus tadbirdir. Ular xorijiy davlatlar hukumatlari va bir qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilyapti.

Shu yilning may oyida 156 kishidan iborat birinchi guruh vataniga qaytarilgan edi. Ular orasida 48ta ayol, bitta erkak, qolganlari bolalar, ikkitasi yetim bo’lgan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu voqeaga deyarli bir oy o‘tib, munosabat bildirar ekan, ushbu jarayonni “murakkab” deb atadi.

“Ularni qaytarib olib kelish oson bo’lmadi. Biz ularni katta qiyinchilik bilan qaytarib olib keldik. Biz u yerga yuborgan samolyotni yarim yo’lda qaytarishga majbur bo’ldik. Menga qo’ng’iroq qilib samolyot urib tushirilishi mumkinligini aytishdi. Men samolyotni Ozarbayjonga qo’ndirish haqida buyruq berdim. Ayollar va bolalarni qaytarib olish uchun u yerlarga avtobuslar yubordik. 5 ta avtobusdan faqat ikkitasi qaytib keldi. Ko’pchilikni olib kela olmadik “, degan edi prezident 21 iyun kuni Toshkentda Senat yig’ilishida.

O’zbekistonga qaytib keltirilganlarning aksariyati, kelgandan so’ng, psixologik va tibbiy reabilitatsiya qilinadigan sanatoriyalarga joylashtirilgan. Ularning keyingi taqdiri haqida ochiq manbalarda juda kam ma’lumot berilgan. Faqat shu ma’lumki, mamlakat hukumati ularga yordam berishda davom etayotir.

Buni joriy yilning 29-30 iyul kunlari Bishkekda bo’lib o’tgan “Suriyaning urush hududlaridan qaytarilgan Qirg’iziston fuqarolarini reabilitatsiya qilish va reintegratsiyalash”ga bag’ishlangan konferensiyada tuman Xotin-qizlar qo’mitasi raisi, O’zbekistonning Qibray tumani hokimining o’rinbosari Saodat Solixova ham tasdiqlagan edi.

Saodat Solixova O’zbekiston tajribasi bilan o’rtoqlashar ekan, mahallalarda Xotin-qizlar qo’mitalari tomonidan maxsus tayyorgarlikdan o’tgan psixologlar borligini aytib o’tgan edi.

“Birinchidan, “qaytib kelganlar” yordamga muhtoj, ularga yordam berilayotganini ko’rganlarida ular o’zgaradilar. Ularga uy va ish joylari berilishi kerak, masalan, bu baliq tutish uchun qalmoq berganday narsa, ularga moslashishga yordam beradi “degan edi Saodat Solixova (Kaktus.media iqtibos keltirgan).

May oyida qaytib kelgan ayollardan birini uy bilan ta’minlanganligi bu yil iyun oyida ma’lum bo’ldi. Surxondaryo viloyatida mahalliy hokimiyat unga ikki xonali kvartirani ajratdi. Viloyat hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, ayolga tikuv mashinasi va oziq-ovqat mahsulotlari ham berilgan. Uning bolasini bolalar bog’chasiga joylashtirilgan va o’ziga ishsizlik nafaqasi belgilangan.

Uzoq vaqt davomida tayyorlandi

Joriy yilning iyul oyida, CABAR.asia tahririyatining so’roviga binoan, O’zbekiston Davlat Xavfsizlik xizmati “Mehr” insonparvarlik tadbiri davom ettirilishi va Suriyaning Haseka viloyatidagi Al-Xol lagerida bo’lgan yana 177 ta o’zbekistonlikni qaytarib olib kelishga tayyorgarlik ishlari olib borilayotgani haqida e’lon qilgan edi. O’zbekiston maxsus xizmatlarining ma’lumotlariga ko’ra, bular – 48ta ayol, qolganlari – bolalar, ularning orasida uchta yetim ham bor.

25 sentyabr kuni BMT Xavfsizlik Kengashining yig’ilishida O’zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov hukumatning ushbu niyatlarini yana bir bor aytib, Suriyadan 170 kishi va Iroqdan 65ta bola qaytarilishini e’lon qildi. U Yaqin Sharqdagi jarayonlarda bevosita ishtirok etadigan xalqaro tashkilotlar va davlatlardan yordam so’rab murojaat qilgan edi.

“Bu, birinchi navbatda, Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari tomonidan ko’rsatiladigan yordamga tegishli. Biz bunday hamkorlikka tayyormiz », – degan edi Komilov (iqtibosni Kun.uz keltirgan).

“Mehr-2” maxsus operatsiyasining natijalari hozircha biron bir rasmiy shaxs tomonidan izohlanmagan.


Мазкур мақола IWPR ташкилотининг “Марказий Осиёда очиқ диалог орқали барқарорлик” лойиҳаси доирасида тайёрланди.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.

Spelling error report
The following text will be sent to our editors: